2027–2031-yillarga mo‘ljallangan sog‘liqni saqlashni isloh qilish dasturida dorixonalardagi bepul dorilar ro‘yxatini 28 tadan 69 taga oshirish, my.gov.uz’da elektron polislar joriy etish va sohani moliyalashtirishni YAIMning 5 foizigacha yetkazish belgilandi.
O‘zbekistonda 2027–2031-yillarga mo‘ljallangan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning besh yillik dasturi tasdiqlandi.Hujjatda aholi uchun bepul dori-darmonlar ro‘yxatini kengaytirish, davlat tibbiy sug‘urtasiga to‘liq o‘tish va sohaga ajratiladigan mablag‘larni oshirish ko‘zda tutilgan.
Elektron polislar va bepul dori-darmonlar
2031-yilgacha mamlakatdagi uy xo‘jaliklarining 100 foizi davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bilan qamrab olinadi. 2027–2030-yillarda bemorlar uchun bir qator raqamli va ijtimoiy qulayliklar joriy etiladi:
-
Reimbursatsiya dasturini kengaytirish: kafolatlangan paket doirasida dorixonalardan elektron retsept asosida bepul olish mumkin bo‘lgan dorilar ro‘yxati ikki barobardan ko‘proqqa — 28 tadan 69 tagacha oshiriladi.
-
my.gov.uz’da raqamli polis: har bir fuqaroning shaxsiy kabinetida elektron tibbiy polis paydo bo‘lib, unda sug‘urta maqomi hamda kafolatlangan bepul xizmatlar va dorilar ro‘yxati ko‘rinib turadi. Tayinlangan muolaja va dorilar haqida SMS-xabarnomalar yuboriladi.
-
Dializga borish xarajatlarini qoplash: 2026-yil dekabr oyigacha Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi rejali ambulator gemodializ oluvchi bemorlarning shifoxonaga borish-kelish yo‘l xarajatlarini ijtimoiy karta orqali qoplab berish mexanizmini kiritadi.
Moliyalashtirish va profilaktika modeli
Tibbiyotga yo‘naltiriladigan davlat xarajatlari bosqichma-bosqich — 2027-yildagi YAIMning 3,2 foizidan 2031-yilga kelib 5,0 foizigacha oshiriladi (2028-yilda 3,7%, 2029-yilda 4,1% va 2030-yilda 4,6%).
Shu bilan birga, tizim profilaktika modeliga o‘tkaziladi. 2027-yil yanvariga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini tayyorlaydi:
-
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishda oilaviy shifokorlar ulushini 70 foizga yetkazish;
-
har bir fuqaro uchun yoshi, jinsi va xavf omillaridan kelib chiqib individual tibbiy ko‘riklar rejasini shakllantiruvchi «Aqlli salomatlik xaritasi» dasturini ishga tushirish.
Shifokorlarga qo‘yiladigan yangi talablar
Islohot tibbiyot xodimlarini tayyorlash va amaliyotga ruxsat berish tartibini ham qamrab oladi:
-
tibbiyot oliygohlarining o‘quv dasturlari Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) standartlariga moslashtiriladi;
-
2030-yilga kelib barcha shifokor va farmatsevtlar uzluksiz kasbiy ta’lim tizimi bilan 100 foiz qamrab olinadi;
-
tibbiy va farmatsevtik faoliyatga ruxsat berish uchun majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tish tartibi joriy etiladi, maxsus imtihonlarni muddatidan oldin topshirgan xodimlarga esa oylik maoshiga ustamalar to‘lanadi.






Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q