Toshkentning renovatsiya hududlaridagi uy-joy egalari Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishga rozi bo‘lsa,avvalgi maydonidan 150 foizgacha katta kvartira yoki ikkita alohida xonadon olishi mumkin.
Tegishli me’yor prezidentning 10-noyabrdagi yirik shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonida belgilab qo‘yilgan, deb xabar berdi poytaxt hokimligi.
Kompensatsiya mexanizmi qanday ishlaydi
Yangi tartib munitsipal «Tashkent Invest» kompaniyasi ishtirokida renovatsiya loyihalari amalga oshirilayotgan hududlarga tatbiq etiladi. Farmonning 10-bandiga ko‘ra, fuqarolarga renovatsiya hududidagi ko‘chmas mulkning baholangan qiymatidan 1,5 barobargacha qimmatroq bo‘lgan kvartiralarni kompensatsiya sifatida ajratishga ruxsat beriladi.
Poytaxt ma’muriyati almashinuv variantlari bo‘yicha aniq misollar keltirdi:
-
50 kv. metr maydon uchun: oilaga Yangi Toshkentdan 75 kv. metrgacha bo‘lgan yangi kvartira taklif etilishi mumkin.
-
70 kv. metr maydon uchun: mulkdorlar bitta kengroq kvartira (105 kv. metrgacha) yoki ikkita alohida xonadon — masalan, 45 va 60 kv. metrlik kvartiralarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hokimlikning ta’kidlashicha, maydonni 150 foizgacha oshirish barcha uchun kafolatlangan shart emas — har bir holat mustaqil baholovchi tashkilotlarni jalb qilgan holda, ko‘chmas mulk xususiyatlari va oila ehtiyojlaridan kelib chiqib individual ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, mulkdorlar huquqlarini himoya qilish va shartlarni tomonlar bilan kelishish tamoyillari o‘zgarishsiz qoladi.
Renovatsiya dasturi tafsilotlari
2026-yil oktabr oyida O‘zbekistonda ko‘chirish va kompensatsiya to‘lash jarayonlarini to‘liq tartibga soluvchi shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Avvalroq Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov har yili 12–15 ming nafar fuqaroni eskirgan uylardan zamonaviy turar joylarga ko‘chirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.
Poytaxt hokimligi aholi manfaatlarini himoya qilish maqsadida renovatsiya loyihalarini faqat xususiy sektorga topshirish amaliyotidan voz kechgan. Hozirgi kunda shaharda dastlabki uchta uchastkada — Yashnobod tumanidagi «Jarqo‘rg‘on»,Mirobod tumanidagi «A. Fitrat» va Sergeli tumanidagi «Xonobodtepa» mahallalarida renovatsiya dasturini amalga oshirish tasdiqlangan.





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q