13-noyabr kuni kutilayotgan kuchli yomg‘irlar sababli respublikaning sakkizta viloyatidagi tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati (O‘zgidromet) ob-havo sharoiti keskin o‘zgarishi munosabati bilan tezkor gidrometeorologik axborot e’lon qildi. Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, 13-noyabr kuni kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli respublikaning sakkizta viloyatidagi tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Xavf ostidagi hududlar ro‘yxati
Sel va suv toshqinlari quyidagi tuman hamda shaharlarda kuzatilishi ehtimoli yuqori:
-
Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlari.
-
Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlari.
-
Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlari.
-
Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlari.
-
Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlari.
-
Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari.
-
Farg‘ona viloyati: So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlari.
-
Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari hamda Xonabod shahri.
Ehtiyotkorlik choralari va suv bosishi ehtimoli
Shuningdek, respublikaning ayrim hududlarida jala yomg‘irlari oqibatida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa pasttekisliklar va aholi punktlarini suv bosishiga olib kelishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda tog‘li yo‘llarda harakatlanuvchi haydovchilarni qat’iy ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga, zarurat bo‘lmaganda xavfli hududlarga safar qilmaslikka chaqirdi.




Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q