O‘zbekistonlik xaridorlar arzon bijuteriyalar bojxona nazoratidan o‘tmay sotuvchiga qaytarib yuborilayotganini ma’lum qildi. Ayniqsa, toshga o‘xshash bezakli buyumlar shubha ostiga tushmoqda.
Hatto qiymati bir necha ming so‘m bo‘lgan taqinchoqlar ham chegaradan o‘tkazilmay, sotuvchiga qaytarib yuborilmoqda. Mazkur muammo «Potrebitel.uz» hamjamiyatida keng muhokama qilinmoqda, biroq Bojxona qo‘mitasi holat yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermadi.
Qanday taqinchoqlar shubha ostiga tushmoqda
Foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, jo‘natmaning qaytarilishiga mahsulot narxi emas, balki uning tashqi ko‘rinishi va tavsifi sabab bo‘lmoqda. Narxi 5–10 ming so‘m turadigan oddiy bilaguzuk yoki marjon tarkibida yaltiroq elementlar yoxud toshni eslatuvchi bezaklar bo‘lsa, buyurtma egasiga yetib kelmasligi mumkin.
Xaridorlar quyidagi toifadagi buyurtmalar ko‘proq qaytarilayotganini qayd etishmoqda:
-
«Tabiiy tosh» deb ko‘rsatilgan buyumlar: agar sotuvchi mahsulot tavsifida «yarim qimmatbaho» yoki «tabiiy tosh» iboralarini ishlatgan bo‘lsa, garchi u oddiy imitatsiya bo‘lsa ham, jo‘natma bojxonadan o‘tkazilmaydi.
-
Smola va plastik bezaklar: tashqi ko‘rinishi mineral toshlarga o‘xshab ketadigan smola yoki akrildan yasalgan arzon taqinchoqlar ham bojxona nazoratida savollar tug‘dirmoqda.
Nazorat kuchayishining ehtimoliy sabablari
Muhokama ishtirokchilari vaziyatni qimmatbaho metallar, toshlar va tayyor zargarlik buyumlarini olib kirish bo‘yicha qat’iy hisob va rasmiylashtirish talablari mavjudligi bilan izohlashmoqda.
Bojxona tekshiruvi jarayonida maxsus ekspertiza o‘tkazmasdan turib, haqiqiy qimmatbaho toshni arzon shisha yoki plastik nusxasidan ajratish imkonsiz. Har bir 10 ming so‘mlik taqinchoqni alohida tekshirish esa ko‘p vaqt va resurs talab qiladi. Shu bois umumiy yuklar rasmiylashtiruvini kechiktirmaslik uchun shubhali bezaklarga ega jo‘natmalarni sotuvchiga qaytarib yuborish ma’qul ko‘rilmoqda.
Xaridorlar uchun tavsiyalar
Bojxona organlari tomonidan aniq tushuntirish berilguniga qadar xorijiy platformalardan taqinchoq buyurtma qilishda ehtiyotkor bo‘lish tavsiya etiladi. Buyurtma berishdan oldin mahsulot tavsifida «tosh», «kristall», «marvarid» kabi so‘zlar yo‘qligiga e’tibor qaratish lozim, aks holda pulni qaytarib olish va qo‘llab-quvvatlash xizmati bilan yozishmalarga ko‘p vaqt sarflashga to‘g‘ri kelishi mumkin.





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q