Shavkat Mirziyoyev baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar bilan tanishdi. Hududlardagi 4 mingdan ziyod tik quduqlar xatlovdan o‘tkazilib, sohada maxsus xolding tashkil etiladi.
Meliorativ quduqlarda baliq yetishtirish tajribasi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda baliq yetishtirish hajmini yiliga 1 million tonnaga yetkazishga qaratilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Dasturga ko‘ra, hududlarda zamonaviy baliqchilik xo‘jaliklari, qayta ishlash quvvatlari hamda saqlash omborxonalari barpo etiladi.
Ilk tajriba loyihasi Baliqchi tumanida amalga oshirilib, unda meliorativ tik quduqlar suvidan foydalaniladi:
-
24 ta quduq atrofida Chavoq yetishtirish, yem tayyorlash, qayta ishlash va sotishni qamrab oluvchi yaxlit majmualar tashkil etiladi;
-
Har bir majmua maydoni 50 sotixni tashkil qiladi;
-
Har bir obyektda yiliga kamida 30 tonna forel yetishtirilib, 10 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
2027-yil 1-martga qadar respublika bo‘yicha 4 mingdan ziyod meliorativ quduqlar xatlovdan o‘tkaziladi. Baliqchilikka mos obodonlashtirilgan ob’yektlar DXSh shartlari asosida tadbirkorlarga beriladi.
Soha bo‘yicha yangi xolding va mintaqaviy loyihalar
Taqdimotda Xonobod shahrida sovuq suv balig‘ini yetishtirish hamda Ulug‘nor tumanidagi suv havzalarida baliqchilikni rivojlantirish loyihalari ham ko‘rib chiqildi.
Yangi loyihalarni muvofiqlashtirish uchun maxsus baliqchilik xoldingi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Davlat loyihalarni moliyalashtirishda ko‘maklashadi hamda aholini baliq yetishtirishning zamonaviy usullariga o‘qitish xarajatlarini qoplab beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Baliqchilikni rivojlantirish markazi tashkil etilishi hamda xo‘jaliklar uchun mavsumiy suv limitlari oldindan tasdiqlanishi haqida xabar berilgan edi.




