O‘zbekistonda Telegram orqali qo‘ng‘iroq qilish qiyinlashdi. Mutaxassislar buning uchta asosiy sababini — texnik yuklama, aloqa operatorlari manfaati va tariflar oshishini keltirmoqda.
Abonentlar e’tirozi va aloqa sifatidagi muammolar
So‘nggi oylarda O‘zbekistondagi Telegram foydalanuvchilari ile ularning xorijdagi qarindoshlari ovozli qo‘ng‘iroqlardagi uzilishlar va uzoq vaqt ulanmaslik holatlaridan shikoyat qilmoqda. Ikkala tomonda ham internet sifati yaxshi bo‘lishiga qaramay, aloqa o‘rnatish uzoq vaqt oladi yoki umuman uzilib qoladi. Muammo mobil internetda ham, Wi-Fi tarmog‘ida ham kuzatilyapti, biroq WhatsApp kabi boshqa ilovalarda qo‘ng‘iroqlar odatdagidek ishlamoqda.
Ushbu holat yuzasidan rasmiy idoralar yoki Telegram kompaniyasi hozircha munosabat bildirmadi, biroq mutaxassislar uchta ehtimoliy sababni ilgari surmoqda.
Ovozli aloqa yomonlashuvining asosiy omillari
-
Mobil operatorlar manfaati va cheklovlar. Messenjerlar orqali bepul qo‘ng‘iroqlar ko‘payishi aloqa kompaniyalarining oddiy qo‘ng‘iroqlar va roumingdan oladigan daromadiga ta’sir qiladi. Avvalroq Rossiyada ham operatorlar infratuzilma xarajatlarini ro‘kach qilib, messenjerlardagi qo‘ng‘iroqlarni cheklash taklifi bilan chiqqan edi.
-
Serverlar va texnik yuklama. O‘zbekiston Telegram ommalashgan eng yirik bozorlardan biridir. Bepul qo‘ng‘iroqlardan foydalanuvchilar soni keskin ortgani sababli Telegram serverlari mintaqadagi barcha so‘rovlarni tezkor qayta ishlashga ulgurmayotgan bo‘lishi mumkin.
-
Tariflar oshishi va aksiya solig‘i bekor qilinishi. Mamlakatimizda mobil aloqa operatorlari uchun soliq yuki bosqichma-bosqich kamaytirildi: 2021-yildagi 20 foizlik aksiya solig‘i 2022-yilda 10 foizga tushirilib, 2025-yildan to‘liq bekor qilindi. Shunga qaramay, tariflar narxi oshib bormoqda. Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi fuqarolarning aloqa sifatidan noroziligi va narxlar oshirilishining asosliligini o‘rganishni boshlagan.
Hozircha mas’ul tashkilotlar va messenjer ma’muriyati aniq texnik xulosa bermagani sababli, foydalanuvchilar muqobil aloqa vositalaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.




