Bog‘cha va mektablarida bir yilda bolalarga nisbatan 120 dan ortiq zo‘ravonlik holati aniqlandi. Senat bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.
Qonunchilikka kiritilayotgan yangi norma va stastistika
Senat yalpi majlisida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.
Hujjat bilan Mehnat kodeksining 161-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari tarbiyalanuvchilar va o‘quvchilarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan taqdirda, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilinishi belgilanmoqda.
Senator Pokiza Ahmedjanova majlisda ta’lim muassasalaridagi holat bo‘yicha statistik ma’lumotlarni keltirib o‘tdi. Unga ko‘ra, 2025-yilda maktab va bog‘chalarda bolalarga nisbatan 122 ta zo‘ravonlik holati aniqlangan. Shundan:
-
Maktabgacha ta’lim muassasalarida (bog‘chalarda): 38 ta holat;
-
Umumta’lim maktablarida: 84 ta holat.
Senatorning ta’kidlashicha, ushbu norma ta’lim va tarbiya muassasalarini nomunosib shaxslardan tozalash hamda bolalar uchun xavfsiz muhit yaratishning huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi.




