So‘nggi:
Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik besh yilga ozodlikdan mahrum etildi | O‘zbekiston Rossiyadan 400 mln dollarlik temir yo‘l texnikasini sotib oldi | Bojxona qo‘mitasidagi kadrlar tayinlovi va O‘zbekistonning o‘nta hududida boshqarma boshliqlari o‘zgarishi | Saida Mirziyoyeva narkotahdidlarga qarshi kurash masalalarini muhokama qildi | O‘zbekiston aholining bandlik darajasi bo‘yicha dunyo reytingining ikkinchi yuztaligida qayd etildi | O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz tariflari yana oshishi kutilmoqda | Tirbandlik va jazirama Toshkentni tungi ish rejimiga o‘tishga majbur qildi | O‘zbekistonda o‘quvchi va talabalar narkotikka testdan o‘tkaziladi | Tim Kuk 15 yillik boshqaruvdan so‘ng Apple rahbarligidan ketishini e’lon qildi | Rossiya armiyasidagi o‘zbekistonliklar soni 4,8 mingdan oshdi |

Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli muhtasham stadion qurilishi qizg‘in pallaga kirdi

Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli muhtasham stadion qurilmoqda. Majmua 2027-yilgi U-20 Jahon chempionati finallarini qabul qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, metro bekati va zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan ulkan sport majmuasi — zamonaviy futbol stadionidagi qurilish ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur loyihaga o‘tgan yilning noyabr oyida davlat rahbari tomonidan tamal toshi qo‘yilgan edi. Hozirda qurilish maydonida yer tekislash ishlari to‘liq yakunlanib, poydevor quyish jarayoni 95 foiz darajasida bajarildi. Qurilish ob’ektiga zaruriy metall konstruksiyalar bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda.

Yangi Toshkent hududida qad rostlayotgan ushbu arena o‘zining texnik ko‘rsatkichlari va ko‘lami bilan mintaqadagi eng yirik sport inshootlaridan biriga aylanadi. Loyihaga ko‘ra, 55 ming tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan olti qavatli muhtasham majmuada sportchilar, tashrif buyuruvchilar va OAV vakillari uchun xalqaro standartlar darajasidagi barcha sharoitlar yaratiladi. Muxlislar oqimini samarali boshqarish va transport qulayligini ta’minlash maqsadida stadionning bevosita yaqinida yangi metro bekati hamda 5 500 dan ortiq avtomobilga mo‘ljallangan keng sig‘imli to‘xtash joyi barpo etiladi. Bundan tashqari, asosiy arena atrofida jamoalarning tayyorgarlik jarayonlari uchun mo‘ljallangan yana uchta qo‘shimcha mashg‘ulot maydoni ham foydalanishga topshiriladi.

Qiymati 100 million dollarga baholangan ushbu majmua 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tadigan U-20 Jahon chempionati o‘yinlarini qabul qilish uchun xizmat qiladi. FIFA talablariga ko‘ra, jahon birinchiligining yarim final va final bahslari aynan 50 mingdan ortiq kishini sig‘dira oladigan stadionlarda o‘tkazilishi shart. Davlat rahbari ushbu inshoot yurtimizdagi ilk yirik yopiq stadion bo‘lishini inobatga olib, har bir detalga, xususan, atrofni obodonlashtirish ishlariga hozirdan jiddiy e’tibor qaratish zarurligini alohida ta’kidladi.

So‘nggi yillarda o‘zbek futbolida tub burilishlar davri kuzatilmoqda. Xususan, 2017-yilda mamlakatimizda FIFA talablariga javob beradigan atigi 3 ta stadion mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 10 tadan oshdi. Milliy olimpiya terma jamoasining Parij Olimpiadasidagi debyuti hamda milliy terma jamoamizning ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani bu kabi tizimli islohotlarning amaldagi natijasidir. Yangi Toshkentdagi muhtasham stadion nafaqat yirik turnirlar, balki kelajakda o‘zbek futboli va yoshlar sportini yangi bosqichga olib chiqishda bosh poydevor vazifasini o‘taydi.