O‘zgidromet dam olish kunlari O‘zbekistonda havo harorati +25…+30 darajagacha pasayishini prognoz qilmoqda. Ayrim hududlarda chang-tozonli kuchli shamol esishi mumkin.
Juma kuni kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida quruq havo saqlanib qoladi, faqat Orolbo‘yi va Toshkent viloyatining ayrim joylarida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati +32…+35 daraja, respublikaning shimoliy-g‘arbida +23…+28 daraja atrofida bo‘ladi.
Dam olish kunlari respublika bo‘yicha kam bulutli va yog‘ingarchiliksiz ob-havo kutilmoqda. Havo harorati biroz pasayib, kunduz kunlari +25…+30 darajani, ba’zi joylarda +32 darajagacha, janubda esa +35 darajagacha tashkil etadi.
Shamol 7–12 m/s tezlikda esadi, biroq 11–12-sentabr kunlari ba’zi joylarda shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayishi, ayrim hududlarda chang-tozonlar kuzatilishi mumkin. Tog‘li hududlarda 11–12-sentabrda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor, 13-sentabrda esa yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Toshkentda juma kunining birinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, harorat +33…+35 daraja bo‘ladi. Dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi: kechasi harorat +16…+18 daraja, shanba kuni kunduzi +28…+30 daraja, yakshanba kuni esa +30…+32 daraja bo‘ladi.




