18-may kuni O‘zbekiston viloyatlarida va Toshkentda chang-to‘zonli kuchli shamol kutilmoqda. Poytaxt havosida PM2,5 zarralari normadan 3,8 marta oshdi.
Uzgidromet sinoptiklari 18-may kuni respublikaning bir qancha mintaqalarida ob-havo sharoiti keskin o‘zgarishi va kuchli shamol esishi haqida ogohlantirish berdi. Kunduzi shamol tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha yetishi kutilmoqda.
Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarining ayrim tumanlarida shamol shiddati yanada kuchayib, soniyasiga 20–22 metrgacha chiqishi hamda kuchli chang bo‘ronlarini keltirib chiqarishi ehtimoli bor. Poytaxtimizda am shamol tezlashib, soniyasiga 10–12 metrgacha esadi va havo havzasida chang zarralari ko‘tarilishi kuzatiladi.
Shu bilan birga, dushanba kuni ertalabki soat 08:00 holatiga ko‘ra, poytaxt havosining ifloslanish darajasi o‘rtacha ko‘rsatkichni tashkil etib, shahar to‘liq «sariq» xavflilik zonasida joylashgan. Atrof-muhit monitoringi xizmatlarining tahlillariga ko‘ra, havodagi mayda dispersli PM2,5 zarralarining miqdori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilagan me’yoriy ko‘rsatkichlardan 3,8 barobarga yuqori ekani qayd etildi.
Atmosferani ifloslantiruvchi boshqa barcha asosiy manbalar va gaz moddalari bo‘yicha ko‘rsatkichlar hozircha ruxsat etilgan me’yoriy chegaralarda qolmoqda.


