Ozarbayjonda huquq-tartibot organlari Bokuda shubhali «mo‘jizaviy davolash» seanslarini o‘tkazib kelgan o‘zbekistonlik tabib qo‘lga olindi.
Ozarbayjon huquq-tartibot organlari Bokuda shubhali davolash seanslarini tashkil etgan O‘zbekiston fuqarosi Iqbol Soliyevning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘ydi. «Tabib» o‘z faoliyatini Bİ-ES VİP estetik markazi bazasida amalga oshirib kelgan.
O‘zini «tabib-mo‘jizakor» deb atagan Iqbol Soliyev 7-martdan 14-martgacha bemorlarni qabul qilishini e’lon qilgan edi. U o‘z amaliyotida urish, silash va boshqa g‘ayritabiiy usullardan foydalangan. Bunday «mo‘jizaviy davolash» reklamalari esa shaxsan «gastrolyor»ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali faol tarqatilgan.
Taklif etilayotgan xizmatlarning mantiqsizligiga qaramay, tabib ko‘pchilikning e’tiborini tortishga muvaffaq bo‘lgan. Mijozlarning aksariyatini uning va’dalariga ishongan keksa yoshli fuqarolar tashkil etgan. Har bir seans uchun 60 manat haq olingan va bor-yo‘g‘i uch kun ichida o‘nlab odamlar «mutaxassis»ga murojaat qilgan.
Soliyevning xatti-harakatlari Ozarbayjon media makonida keng rezonansga sabab bo‘ldi. Internetda tarqalgan «davolash» jarayoni aks etgan kadrlar «tabib» faoliyatining tekshirilishiga va huquq-tartibot organlarining aralashuviga asos bo‘ldi. Hozirda uning faoliyati to‘xtatilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.




