Toshkent shahar Kengashi Škoda Transportation kompaniyasidan 10 ta elektropoyezd xarid qilish loyihasini tasdiqladi. Poyezdlar 7 ta shahar atrofi yo‘nalishiga joylashtiriladi.
Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi Chexiyaning Škoda Transportation kompaniyasidan 10 ta zamonaviy elektropoyezd xarid qilish bo‘yicha loyiha konsepsiyasini ma’qulladi. poyezdlarni yetkazib berish shartnomasi qiymati 123,5 million yevroni, loyihaning hamroh xarajatlar bilan birgali umumiy qiymati esa 157 million yevroni tashkil etadi. Xaridni moliyalashtirish uchun Yevropa investitsiya bankining 24 yil muddatga ajratiladigan 123,5 million yevrolik kredit mablag‘larini jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Yangi elektropoyezdlar shahar atrofi temir yo‘l qatnovini rivojlantirish hamda ma’nan eskirgan poyezdlarni almashtirish uchun yo‘naltiriladi. Harakatlanuvchi tarkibning yangilanishi yo‘lovchi tashish quvvatini kamida 20 foizga oshirish imkonini beradi. 10 ta yangi tarkib 7 ta asosiy yo‘nalish o‘rtasida taqsimlanadi: Toshkent — Chirchiq — Chinorkent, Toshkent — Yangiyo‘l-1 — Chinoz — Sirdaryo — Guliston — Yangiyer — Xovos — Bekobod, Toshkent — Nurafshon — Ohangaron — Angren, Toshkent — Keles, Qo‘qon — Pop — Namangan — Andijon — Marg‘ilon, Samarqand — Buxoro hamda Samarqand — Qarshi — Shahrisabz.
Yangi elektropoyezdlar iqlim-nazorat tizimi, ergonomik o‘rindiqlar, harakati cheklangan yo‘lovchilar uchun maxsus zonalar, yaxshilangan shovqin izolyatsiyasi hamda zamonaviy axborot tizimlari bilan jihozlanadi, shuningdek chiptalarni onlayn xarid qilish imkoniyati yaratiladi. Tezlanish va tormozlanishning yuqori dinamik ko‘rsatkichlari hisobiga ko‘plab bekatlarga ega yo‘nalishlarda yo‘lga ketadigan vaqtni sezilarli darajada qisqartirish rejalashtirilgan.





