Toshkentda 16 yoshli qiz va uning oilasi ikki yil davomida muntazam ravishda jinsiy zo‘ravonlik,do‘pposlash va shantajga uchragan shaxsni javobgarlikka tortishni talab qilmoqda. Tergov prokuratura nazoratiga olindi.
Tanishuv tarixi va ta’qiblarning boshlanishi
Poytaxtda 16 yoshli qizning (ismi Lola deb o‘zgartirilgan) oilasi unga nisbatan ikki yil davomida muntazam ravishda jinsiy zo‘ravonlik qilib, do‘pposlab va shantaj qilib kelgan Sh. ismli shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilmoqda.Yuz bergan hodisalar haqida jabrlanuvchining opasi NeMolchi.uz loyihasiga murojaat qilgach ma’lum bo‘ldi.
Jabrlanuvchi va gumonlanuvchi o‘rtasidagi muloqot Lola 14 yoshda bo‘lganida boshlangan. Qiz jiyani bilan tasodifiy telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. Qayta qo‘ng‘iroq qilgan erkak o‘zini Mirobod tumani hokimligi xodimi deb tanishtirgan. Otasi alohida yashaydigan va onasi xorijda mehnat migratsiyasida bo‘lgan qizning ojizligidan foydalanib, u ishonchga kirgan. Erkak o‘zining «xonasidan» va go‘yo o‘ziga tegishli bo‘lgan FM-radiostansiya studiyasidan videoxabarlar yuborib turgan.
Vaqt o‘tib, uchrashuvlar majburiy tus olgan. Erkak Lolani o‘quv markazidan olib ketib, xilvat joylarda videoga olgan holda unga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan. Keyinchalik bunday holatlar muntazam takrorlangan. Erkak qizni Anhor va o‘t o‘chirish qismi o‘rtasidagi ko‘prikka, keyinchalik Qoxota masjidiga olib borib, do‘pposlagan, bo‘g‘gan hamda shantaj qilgan. Qizni itoatda ushlab turish uchun obro‘sizlantiruvchi videolarni tarqatish va maktabda sharmanda qilish bilan qo‘rqitgan.
Patrul xizmati bilan bog‘liq hodisa va ta’qibning davom etishi
2025-yilning kuzida erkak va qiz o‘tirgan qorong‘ilashgan avtomobilga YPX xodimi yaqinlashgan. Sh. biologik ashyolar tushgan salfetkalar va telefonlarni qizning yoniga yashirib, uni sukut saqlashga majbur qilgan. Hujjatlarni tekshirgach,xodim Sh. bilan chetda gaplashib, voqea joyidan ketgan. Hozirda tergov ushbu xodimning shaxsini aniqlay olmaganini bildirgan. Ushbu hodisadan so‘ng Sh. taxminan yarim yilga g‘oyib bo‘lgan.
2026-yilning fevralida, Lola opasining uyiga ko‘chib o‘tganidan so‘ng, ta’qiblar qayta boshlangan. Erkak qizning yangi yashash joyini aniqlab, po‘pasa va shantaj yo‘li bilan xonadonga kirgan. U yerda qizni do‘pposlab, tiz cho‘kib kechirim so‘rashga majburlagan va yana jinsiy zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan. Bunday holatlar mart, aprel va 17-may kunlari takrorlangan.
Oila a’zolarining voqeadan xabar topishi
23-may kuni opasining turmush o‘rtog‘i Sh.ning Lola va uning dugonasiga jinsiy aloqa taklif qilayotganini eshitib qolgan.Qarshilik ko‘rsatilgach, Sh. 102 xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, qizning pochchasiga tuhmat qilgan. Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBda surishtiruv vaqtida xodimlarning biri qizga tegajog‘lik qilgani, sinfdoshlarning tushuntirish xatlari esa yirtib tashlangani aytilmoqda.
Doimiy po‘pasalardan so‘ng, 2026-yil 31-iyul kuni Lola oilasiga ikki yil davomida boshidan kechirgan barcha ko‘rgiliklarini so‘zlab bergan.
Tergov jarayoni va yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar
Shayxontohur tumani IIO FMBga murojaat qilinganda, xodimlardan biri gumonlanuvchini 15 sutkaga qamatish bilan cheklanishni va arizani qaytarib olishni taklif qilgan. Oila a’zolarining ta’kidlashicha, tergovning dastlabki bosqichidayoq qator qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan:
-
Ariza berilgan kuni gumonlanuvchi IIB binosida erkin harakatlanib, jabrlanuvchiga ruhiy tazyiq o‘tkazgan.
-
Voyaga yetmagan qizni dastlabki so‘roq qilish jarayoni psixolog, vasiylik organi xodimi va qonuniy vakillarsiz,to‘rt nafar erkak xodim tomonidan o‘tkazilgan.
-
Sud-tibbiylik ekspertizasi ariza berilganidan 10 kun o‘tib tayinlangan, psixologik ekspertiza esa hozirgacha o‘tkazilmagan.
-
Guvohlar va jabrlanuvchining dugonalari o‘z vaqtida so‘roq qilinmagan.
Gumonlanuvchi o‘z aybini tan olmay kelmoqda. Hozirda jinoyat ishi prokuratura nazoratiga olingan. NeMolchi.uz loyihasi Bosh prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga gumonlanuvchini qo‘lga olish, barcha zarur ekspertizalarni o‘tkazish hamda IIB xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha rasmiy so‘rovlar yuborgan.





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q