O‘zbekistonda 991 ta dorixona dori narxini oshirgani uchun 8,5 mlrd so‘m jarimaga tortildi. Bir nechta yirik dorixonalar tarmog‘ining litsenziyasi bekor qilindi.
O‘zbekiston dorixonalarida dori-darmon narxlarini sun’iy ravishda ko‘tarish orqali katta miqdorda noqonuniy daromad olish holatlari fosh etildi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 991 ta dorixonada (shundan 152 tasi ulgurji va 839 tasi chakana savdo nuqtasi) jami 414 mingdan ortiq holatda narxlar asossiz oshirilgan. Natijada tadbirkorlar 8,5 milliard so‘m miqdorida ortiqcha mablag‘ni o‘zlashtirgan.
Ushbu qonunbuzarliklar soliq organlarining «Fair Tech» yagona axborot tizimi orqali masofaviy tahlil qilinganda yuzaga chiqdi. Aniqlangan asossiz daromadlar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinib, fuqarolarning huquqlari tiklanishi ta’minlandi. Qo‘mita dori vositalari narxini nazorat qilish mexanizmi endilikda avtomatlashtirilgan tizim orqali muntazam kuzatib borilishini ta’kidladi.
Qoidabuzarliklar ko‘lami keng bo‘lgan bir nechta yirik tarmoqlarga nisbatan keskin choralar ko‘rildi. Xususan, «Farm Effekt», Pharma Brend, Gipofiz Farm, «Maxsudbek biznes» kabi bir qator mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning faoliyat yuritish huquqini beruvchi litsenziyalari bekor qilindi. Nazorat organlari narxlarni asossiz ko‘taruvchi dorixonalar ro‘yxati muntazam ravishda ochiq e’lon qilib borilishidan ogohlantirmoqda.






