Surxondaryo viloyati Denov tumanida voyaga yetmagan qizining janjalida ishtirok etgani uchun onaga jarima solindi. Nizoning boshqa qatnashchilariga ham chora ko‘rildi.
Farzand tarbiyasidagi mas’uliyatsizlik uchun jarima
Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi fuqaro Gulnora To‘rayevaga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ishni ko‘rib chiqdi. Sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismi (Ota-onalar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha aybli deb topib, 440 ming so‘m miqdorida jarima tayinladi.
Onaning javobgarlikka tortilishiga uning voyaga yetmagan qizi ishtirokida sodir bo‘lgan ko‘cha janjali sabab bo‘ldi. Qizning harakatlari huquq-tartibot organlari tomonidan mayda bezorilik sifatida baholangan.
Mojaroning boshqa ishtirokchilariga nisbatan chora
Ish doirasida janjalda qatnashgan boshqa shaxslarning harakatlariga ham huquqiy baho berildi. Sud Kamila Nazirqulovani MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bo‘yicha aybli deb topgan bo‘lsa-da, javobgarlikdan ozod qilib, ogohlantirish berdi.
Hodisaning yana bir qatnashchisi Madina Jumayevaga 880 ming so‘m jarima solindi. Yasmina Umarovaga nisbatan yuritilgan ish esa taraflarning yarashgani munosabati bilan tugatildi.



