Toshkentda 290 kishida qizamiq kasalligi shubhasi aniqlandi, 10 mingdan ortiq kishi muloqotda bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Sanepidqo‘mita 1,6 mingdan ziyod kishini emladi.
Poytaxtdagi epidemiologik vaziyat
Toshkent shahrida 290 nafar fuqaroda qizamiq kasalligiga shubha gumon qilindi. Bu haqda Sanitar-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi xabar berdi.
O‘tkazilgan epidemiologik surishtiruvlar davomida bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 10 039 nafar shaxs aniqlandi.
Muloqotda bo‘lganlarni shoshilinch emlash
Mutaxassislar tomonidan o‘rganilganda, muloqotda bo‘lganlarning 1 623 nafari ilgari qizamiqqa qarshi emlanmagani ma’lum bo‘ldi. Ushbu fuqarolar epidemiologik ko‘rsatkichlarga asosan zudlik bilan emlandi.
Sanepidqo‘mita qizamiq o‘ta yuqumli va tez tarqaluvchi kasallik ekanini eslatib, fuqarolarni o‘z vaqtida vaksina olishga va kasallik belgilari kuzatilganda shifokorga murojaat qilishga chaqirmoqda.



