Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida Ekologiya patrul xodimlari kompyuter klubi yerto‘lasidan maymunni musodara qildi. Jonivor hayvonot bog‘iga topshirildi.
Yerto‘ladagi noqonuniy saqlov
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani Qorasuv-6 mahallasida Ekologiya patrul xodimlari o‘tkazgan tekshiruv davomida kompyuter klublaridan birining yerto‘lasida noqonuniy saqlanayotgan yovvoyi jonivor — maymun aniqlandi.
Jonivor zudlik bilan Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi. U yerda maymunga zaruriy tibbiy va xavfsiz parvarish sharoitlari yaratiladi.
Mutasaddilar ogohlantirishi
Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi yovvoyi hayvonlarni tegishli sharoitlarsiz hamda mutaxassislar nazoratisiz saqlash qonunga xilof ekanini eslatdi. Bunday holatlar jonivorning salomatligiga zarar yetkazishi bilan birga, atrofdagi odamlar xavfsizligiga ham tahdid soladi.
Avvalroq Toshkent ko‘chalarida yorqin yubka kiygizilgan maymunni yetaklab yurgan keksaygan ayol ko‘p bor ko‘rinish bergan edi. Hozirda ushbu holatlar o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligiga aniqlik kiritilmoqda.



