MyGov portalida O‘zbekistonga kirishda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini oldindan to‘ldirish xizmati ishga tushdi. Valyuta, texnika va oltin olib kirish me’yorlari eslatib o‘tildi.
Yangi xizmat chegarada qog‘oz blankalarni to‘ldirish zaruriyatini aradan ko‘taradi. Naqd pul, mobil qurilmalar, zargarlik buyumlari va shaxsiy foydalanish tovarlari haqidagi ma’lumotlarni oldindan kiritish mumkin. Shakl to‘ldirilgach, tizim elektron hujjat shakllantiradi — uni smartfonga saqlab olib, bojxona nazoratidan o‘tishda ko‘rsatish kifoya.
Bojxona to‘lovlarisiz olib kirish me’yorlari va limitlar
Belgilangan me’yorlardan ortiqcha tovarlar va moddiy boyliklar majburiy deklaratsiyalanishi shart:
-
Zargarlik buyumlari: oltin vazni 65 grammdan, kumush esa 200 grammdan oshganda.
-
Maishiy texnika va elektronika: bir birlikdan ortiq maishiy texnika (televizor, noutbuk, kir yuvish mashinasi, konditsioner va b.) olib kirilganda.
-
Naqd pul mablag‘lari: milliy yoki xorijiy valyutadagi naqd pul miqdori 100 mln so‘m ekvivalentidan oshganda.
-
Maxsus toifalar: qurol-yarog‘, dronlar (uchuvchisiz uchish apparatlari), radioelektron vositalar, tarixiy-madaniy boyliklar va ayrim turdagi dori vositalari.
Shaxsiy foydalanish tovarlarini bojxona to‘lovlarisiz olib kirish chegaralari:
-
Samolyotda (havo yo‘li): 1000 dollargacha;
-
Poyezd va daryo transportida: 500 dollargacha;
-
Avtomobil yoki piyoda kirganda: 300 dollargacha.
Ushbu limitlardan oshgan qiymat uchun standart bojxona to‘lovlari undiriladi.




