O‘zbekistonda pensiyalar murojaatsiz va arizalarsiz avtomatik tayinlanadi. Qog‘ozbozlik bekor qilinadi, staj va pensiya miqdorini onlayn bilsa bo‘ladi.
Pensiyalarni avtomatik tayinlash va qog‘ozbozlikka barham berish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan davlat pensiya ta’minoti tizimini raqamlashtirish hamda fuqarolarga xizmatlarni proaktiv shaklda ko‘rsatish bo‘yicha muhim yangiliklar belgilandi.
Huquqiy hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab korxona tugatilishi yoki shtatlar qisqarishi sababli ishssiz deb e’tirof etilgan shaxslarga muddatidan ilgari yoshga doir pensiya alohida murojaat va idorama-idora sarson bo‘lib ariza topshirishni talab etmagan holda avtomatik tarzda tayinlanadi.
Ushbu qulaylik 2027-yil 1-yanvardan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasiga ham tatbiq etiladi. Shuningdek, 2027-yildan Pensiya jamg‘armasi fuqarolardan qog‘oz shaklidagi hujjat va ma’lumotlarni qabul qilish amaliyotini to‘liq bekor qiladi.
«Mening pensiyam» xizmati va fuqarolarni oldindan xabardor qilish tizimi
Tizimdagi islohotlar doirasida «Mening pensiyam» maxsus onlayn xizmati ishga tushirilib, uning yordamida fuqarolar o‘zlarining mehnat staji, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish davri, harbiy xizmat yillari hamda bo‘lajak pensiyalarining taxminiy miqdorini doimiy kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, pensiya yoshiga yetishiga bir yil qolgan fuqarolarni oldindan avtomatik xabardor qilish va ularga pensiya huquqlari bo‘yicha tushuntirishlar berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.



