Energetika vazirligi respublikaning 15 ta tumanida gaz va elektr muammolarini hal etish hamda tarmoqlarni modernizatsiya qilish uchun maxsus shtablar tashkil etdi. Shtablarga soha rahbarlari shaxsan biriktirildi.
Vazirlik matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, har bir shtabga energetika tizimi tashkilotlarining birinchi rahbarlari biriktirilgan bo‘lib, tuman hokimlari ularning o‘rinbosarlari etib belgilangan.
Shtablar biriktirilgan hududlar va ularning rahbarlari tarkibi quyidagicha shakllantirildi:
-
Yangiyo‘l tumani: Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev;
-
Mirzo Ulug‘bek tumani: Vazirning 1-o‘rinbosari Umid Mamadaminov;
-
Xatirchi tumani: Vazir o‘rinbosari Umarjon Egamberdiyev;
-
Andijon tumani: Vazir maslahatchisi Dadajon Isaqulov;
-
Urgut tumani: «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisi Sardor Isaqulov va Urganch tumaniga uning 1-o‘rinbosari Bobur Islomov;
-
Farg‘ona tumani: «Hududgazta’minot» AJ raisi Ma’rufxon Xo‘jayev;
-
G‘ijduvon tumani: «O‘ztransgaz» AJ raisi Askar Isoqov;
-
Davlatobod tumani: «O‘zbekiston MET» AJ raisi Abdumalik Nazirov;
-
Sirdaryo tumani: «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ raisi Bahodir Jo‘rayev hamda To‘rtko‘l tumaniga uning 1-o‘rinbosari Ozod Oxunov;
-
Qo‘shtepa tumani: «O‘zenergosotish» AJ raisi Jahongir Obidjonov;
-
Denov, Koson va Sh.Rashidov tumanlari: «O‘zenergoinspeksiya» rahbariyati (Axad Isoqjonov, Bexzod Sobirov, Xurshidjon Eshqo‘ziyev).
Ushbu tumanlar tasodifan tanlanmagan: ularda elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha qarzdorlik darajasi yuqori, tarmoqlardagi yo‘qotishlar ko‘p hamda infratuzilma eskirgani bo‘yicha aholidan eng ko‘p murojaatlar kelib tushgan.
Hozirda ushbu hududlarda transformatorlarni ta’mirlash, gaz taqsimlash punktlarini qayta ko‘rikdan o‘tkazish va elektr tarmoqlarini daraxt shoxlaridan tozalash ishlari olib borilmoqda. Vazirlik rejali ta’mirlash ishlari sababli ayrim hududlarda elektr va gaz uzilishlari kuzatilishidan ogohlantirdi.
Shuningdek, Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev va Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Yangiyo‘l tumani misolida «tumanbay» va «mahallabay» ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.




