O‘zbekiston Migratsiya agentligi Belarusga uyushtirilgan tartibda ishga yuborish bo‘yicha arizalar qabul qilishni boshladi. Maoshlar 700 dollardan boshlanadi, ish beruvchilar bepul turar joy va aviachiptalar xarajatini qoplab berishni o‘z zimmalariga olmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar Belarusga nafaqat yakka tartibda, balki o‘z oila a’zolari bilan birgalikda ko‘chib o‘tib ishlashlari ham mumkin. Ish beruvchilar tomonidan taklif etilayotgan ish haqi miqdori kamida 700 AQSH dollaridanboshlanadi, yakuniy maosh esa nomzodning malakasi, tajribasi hamda egallagan lavozimiga qarab belgilanadi.
Bo‘sh ish o‘rinlari quyidagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab olgan:
-
Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sektori;
-
O‘rmon xo‘jaligi;
-
Transport sohasi (yuk avtomobillari haydovchilari);
-
Qurilish sohasi;
-
Maxsus texnikalarni boshqarish (eksravator va traktor mashinistlari);
-
Veterinariya sohasi;
-
Metallga ishlov berish va payvandlash (svarshik) yo‘nalishlari.
Tanlovda 18 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan, tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasi yoki maxsus texnikani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarga ega bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin. Asosiy talablardan biri — nomzodlarda Rossiya Federatsiyasiga kirish uchun hech qanday taqiq yoki cheklovlar bo‘lmasligi lozim.
Qabul qiluvchi tomon (ish beruvchilar) fuqarolarni yotoqxona bilan bepul ta’minlaydi, barcha rasmiy hujjatlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashadi hamda yo‘l xarajatlarini, ya’ni aviachiptalar narxini to‘liq qoplab beradi.
Migratsiya agentligi fuqarolarni Belarusga mustaqil ravishda ish izlab borishda duch kelinishi mumkin bo‘lgan noqonuniy holatlar va xavf-hatarlardan ogohlantirdi. Uyushtirilgan qabulda qatnashish kafolatlangan ish o‘rni, rasmiy mehnat shartnomasi hamda mehnat xavfsizligi ustidan davlat nazoratini ta’minlaydi.
Dasturda ishtirok etish uchun maxsus onlayn anketani to‘ldirish talab etiladi. Batafsil ma’lumotlarni 1282 qisqa raqamli koll-markaz orqali olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi bo‘yicha anglashuv bitimi joriy yilning 9-iyul kuni Shavkat Mirziyoyevning Minskka tashrifi chog‘ida imzolangan edi. O‘shanda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatda ishchi kuchi yetishmayotganini ta’kidlab, o‘zbekistonliklarni oilalari bilan kelib ishlashga taklif qilgan.
Ko‘p o‘tmay, 13-iyul kuni 255 kishidan iborat dastlabki o‘zbekistonliklar guruhi Vitebsk viloyatining qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetib bordi. Ertasiga esa Lukashenko tashkillashtirilgan qabul doirasida O‘zbekistondan yana 5 ming nafar mutassis va ishchilarni, jumladan, qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va kichik tibbiyot xodimlari sifatida qabul qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, ikki mamlakat chorvachilik hamda yog‘ochga ishlov berish sohalarida 30 dan ortiq qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.




