AQSHda o‘zbekistonliklar ishtirokidagi bir qator noxush hodisalar ortidan, O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi vatandoshlarni Amerika qonunlari va madaniyatini hurmat qilishga chaqirdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turgan fuqarolarga mahalliy qonunlar, an’analar, madaniyat va jamoat xulq-atvori qoidalarini hurmat qilish zarurligi eslatildi.
Bosh konsulxona har qanday qonunbuzarlik uchun shaxsiy javobgarlik muqarrar ekanini ta’kidladi. Biroq, bu yerda muammo faqat jismoniy shaxsning jazolanishida emas.
“Har qanday qonunga xilof harakatlar butun o‘zbek jamoasining salbiy qabul qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin”, — deya qayd etdi diplomatlar.
Konsulxona vakillarining bildirishicha, AQSHdagi hamyurtlarimizning mutlaq ko‘pchiligi tinchgina ishlayotgan, tahsil olayotgan, biznes yuritayotgan va O‘zbekistonni munosib tanitayotgan insonlardir. Biroq, bir nechta shov-shuvli salbiy voqealar jamoatchilik va OAV e’tiborini butunlay boshqa tomonga qaratib yuborishi hech gap emas.
Diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, yirik xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari o‘tkazilayotgan, jahon matbuotining O‘zbekistonga bo‘lgan e’tibori kuchaygan bir paytda bu masala yanada jiddiy ahamiyat kasb etadi.
Bosh konsulxona o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarga zaruriy konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Murojaat yakunida hamyurtlarimiz qonunlarga rioya qilishga, mas’uliyatli bo‘lishga va mamlakat obro‘siga putur yetkazadigan harakatlardan tiyilishga chaqirildi.




