AQSH huquq-tartibot idoralari o‘zbekistonlik shaxs boshchiligidagi yirik jinoiy guruhni qo‘lga oldi. Ular Shimoliy-Sharqdagi omborlardan tamaki, elita pishloqlari va go‘sht mahsulotlarini talon-toroj qilgan.
AQSHning shimoli-sharqiy shtatlaridagi omborlardan 4,5 million dollarlik qimmatbaho pishloqlar, tamaki mahsulotlari va boshqa tovarlarni o‘g‘irlashda bir guruh o‘zbekistonliklar ayblanmoqda. Bu haqda huquq-tartibot idoralariga tayanib The New York Post gazetasi xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruhga Murodullo Hasanov ismli shaxs yetakchilik qilgan. U va yana 7 nafar gumonlanuvchi kamida oltita yirik o‘g‘irlik epizodida ayblanmoqda.
Guruh a’zolari yuklarni qo‘lga kiritish uchun zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanishgan: logistika kompaniyalarining kompyuter tizimlarini buzib kirishgan, soxta hujjatlar tayyorlashgan va o‘zlarini qonuniy transport shirkatlarining vakili qilib ko‘rsatishgan.
Muayyan yuklar haqida ma’lumotga ega bo‘lgach, firgarlar soxta tashish hujjatlarini taqdim etishgan. Shundan so‘ng, guruh haydovchilari Nyu-Jersi, Pensilvaniya va Virjiniya shtatlaridagi omborlardan yuklarni qonuniy tashuvchi sifatida olib chiqib ketishgan. O‘g‘irlangan barcha tovarlar keyinchalik qora bozorda sotish uchun Nyu-York shahriga yetkazilgan.
O‘g‘irlangan tovarlar ro‘yxati:
-
$3,3 mlnlik sigaret va tamaki mahsulotlari;
-
$432 minglik qimmatbaho elita pishloqlari;
-
$295 minglik mol go‘shti;
-
$266 minglik mis simlar;
-
$165 minglik qo‘y go‘shti.
Prokurorlarning ta’kidlashicha, mazkur guruh AQSHdagi nomi oshkor etilmayotgan boshqa bir yirik uyushgan jinoiy sindikat bilan birgalikda harakat qilgan. Hozirda gumonlanuvchilarning bir qismi hibsga olingan, ayrimlari AQSH immigratsiya organlari nazoratida qolmoqda, qolganlarini ushlash uchun order berilgan.
Sud majlisida ma’lum bo‘lishicha, guruh yetakchisi Murodullo Hasanov muqaddam firgarlik ayblovi bilan O‘zbekistonning o‘zida ham Interpol liniyasi orqali xalqaro qidiruvga berilgan bo‘lgan. Hasanov va uning sheriklari aybni tan olishmagan. Sud uni kamida 11-iyungacha (garov masalasi ko‘rib chiqiladigan muddat) hibsda qoldirishga qaror qildi.





