Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida ona va uning uch nafar voyaga yetmagan farzandi ovqatdan zaharlanib vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bog‘ot tumanidagi fojia
Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida ona va uning uch nafar voyaga yetmagan farzandi ovqatdan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 8-oktyabr kuni oila a’zolarida bir kun avval o‘tkazilgan tug‘ilgan kun marosimidan qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida zaharlanish belgilari paydo bo‘lgan.
O‘lim sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi. Tekshiruvga viloyat FVV, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari jalb etilgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Yuz bergan hodisada xavfsizlik talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash yoki o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyat alamati mavjud deb topildi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186¹-moddasi 4-qismi «a» bandi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.




