Toshkentda uch oyda avtobusda chiptasiz yurgan 32 mingdan ortiq yo‘lovchi jarimaga tortildi. Raqamli monitoring yordamida 28 ta yo‘nalishda nazorat kuchaytirildi.
Transport nazorati inspeksiyasi hamda «Toshkent shahar yo‘lovchi tashish transportini monitoring va nazorat qilish» DUK joriy yilning birinchi choragi bo‘yicha hisobot berdi. Unga ko‘ra, yanvar-mart oylari davomida avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamasdan ketayotgan 32 450 nafar yo‘lovchi aniqlangan. Ularning barchasiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Hozirda nazorat tizimi to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, inspektorlar reydlarni monitoring natijalariga ko‘ra manzilli ravishda amalga oshirmoqda. Xususan, yil boshidan buyon 28 ta yo‘nalishda nazorat tadbirlari kuchaytirildi, bu esa ushbu avtobuslarda tranzaksiyalar sonining oshishiga xizmat qildi. Monitoring tizimi yo‘lovchi oqimi va to‘lovlar o‘rtasidagi nomuvofiqlikni aniqlab, inspektorlarni aynan o‘sha nuqtalarga yo‘naltirmoqda.
Mutasaddilar yo‘lovchilardan o‘rnatilgan qoidalarga rioya qilishni va yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashni so‘ramoqda. Tekshiruvlar nafaqat yo‘lovchilar, balki haydovchilar va chiptachilarning ham mas’uliyatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, poytaxt bo‘ylab davom etmoqda.






