“O‘zbekiston temir yo‘llari” poyezd chiptalari taqchilligi borasidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Jamiyat

“O‘zbekiston temir yo‘llari” poyezd chiptalari tugab qolayotgani sababini tushuntirdi. Kompaniya yo‘lovchi oqimi ortganini aytib, qo‘shimcha poyezdlar ishga tushirilishini va’da qildi.

Taqchillikning asosiy sababi sifatida bayram va dam olish kunlarida yo‘lovchi oqimining keskin ortishi ko‘rsatildi. Bu davrda, ayniqsa, tezyurar poyezdlarga bo‘lgan talab taklifdan bir necha barobar yuqori bo‘ladi, natijada chiptalar sotuvga chiqishi bilan qisqa muddatda tugab qolmoqda. Shu sababli yo‘lovchilarga safarlarini kamida ikki oy oldin rejalashtirish tavsiya etildi.

Vaziyatni yumshatish maqsadida kompaniya qo‘shimcha reyslarni yo‘lga qo‘yish va yangi elektropoyezdlarni jalb etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va bron qilish tizimidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar davom etayotgani ma’lum qilindi. Mutaxassislar talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblikni faqatgina harakatlanuvchi tarkibni ko‘paytirish orqali hal qilish mumkinligini qayd etmoqda.

Pressa.uz