Latviya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha to‘xtatish taklifini ilgari surdi. Sabab sifatida o‘zbekistonliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ko‘rsatilgan.
Ichki ishlar vazirligi taklifi va sabablari
Latviya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga viza berish jarayonini vaqtincha to‘xtatib turish taklifi bilan chiqdi. Vazirlik bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bunga mamlakatga kirib kelgan bir necha O‘zbekiston fuqarolari tomonidan qisqa vaqt ichida bir qator, shu jumladan, voyaga yetmagan shaxslarga qarshi og‘ir jinoyatlar sodir etilgani sabab bo‘lgan.
Latviya ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava 29-sentyabr kuni o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida ma’lum qilishicha, mamlakat xavfsizlik va jamoat tartibini saqlash uchun qat’iy choralar ko‘rishga majbur. Vazir O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni muayyan muddatga cheklash va ushbu davr mobaynida jamoat tartibiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan shaxslarning kirib kelishining oldini olish bo‘yicha O‘zbekiston hamkor idoralari bilan birga ishlashni taklif etdi.
Hukumatdagi muhokama va immigratsiya tartibining kuchaytirilishi
Dastlabki hukumat majlisida koalitsion hamkorlar ushbu masalani kun tartibiga kiritishni qo‘llab-quvvatlamagan. Shunga qaramay, Latviya Ichki ishlar vazirligi ushbu tashabbus va viza berishni cheklash masalasi hukumatning navbatdagi yig‘ilishlarida qayta ko‘rib chiqilishiga umid qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, 22-sentyabr kuni Latviya hukumati IIV tomonidan ishlab chiqilgan migratsiyani cheklashga qaratilgan kompleks rejan ma’qullagan edi. Ushbu hujjat qonuniy migratsiyani tartibga solish, xorijiy talabalar ustidan nazoratni kuchaytirish, noqonuniy migratsiyaning oldini olish hamda deportatsiya mexanizmlarini takomillashtirish kabi bir qator qat’iy choralarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, 15-sentyabrdan kuchga kirgan yangi Immigratsiya qonuniga muvofiq, mamlakatga kirishdan oldingi nazorat kengaytirilib, viza va yashash ruxsatnomalarini berishda xavfsizlik talablari sezilarli darajada kuchaytirilgan.


