Farg‘onadagi biznes-forumda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida 400 mln dollarlik shartnomalar imzolandi

Jamiyat

Farg‘onada O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida 400 mln dollarlik 20 ta shartnoma imzolandi. 2025-yilda savdo aylanmasi 1,5 mlrd dollarga yetgan edi.

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Afg‘oniston biznes uchrashuvi yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 400 mln dollardan ortiq bo‘lgan 20 ta savdo shartnomasi imzolandi. «Dunyo» AA xabariga ko‘ra, mazkur hujjatlar sanoatning muhim tarmoqlari, xususan, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, dori-darmon vositalari va ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyolarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘zda tutadi.

Afg‘oniston delegatsiyasiga mamlakat Savdo-sanoat palatasi raisining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Zalgay Azimi boshchilik qildi. Muzokaralarda qo‘shni davlatning yirik biznes vakillari, jumladan, Abdulla Rahimi va Said Ahmad Nurzad ishtirok etdi. Ushbu uchrashuv mart oyi oxirida Toshkent va Kobul o‘rtasida tuzilgan 32 kishidan iborat Afg‘on-O‘zbek ishbilarmonlar kengashining faoliyati doirasidagi dastlabki samarali natijalardan biri bo‘ldi.

Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2025-yil ikki davlat iqtisodiy aloqalari uchun o‘ta muvaffaqiyatli keldi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 53 foizga o‘sib, 1,5 mlrd dollarga yetgan. Farg‘onada erishilgan yangi kelashuvlar ushbu ijobiy tendensiyani saqlab qolish va qo‘shnichilik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Pressa.uz