Buxoro viloyatida yollanma askarlikda ayblangan shaxs 4 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. U Rossiya qamoqxonasidan urushga jalb qilingan va keyin qochgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, buxorolik A. O. 2021-yil kuzida Rossiyaga ishlash maqsadida borgan, biroq oradan ko‘p o‘tmay o‘g‘rilik jinoyati uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2025-yil sentabrida, qamoqxonada bo‘lgan vaqtida unga harbiy shartnoma imzolash taklif qilingan. Ayblanuvchi ushbu qadamni jazoni o‘tash muassasasidagi tazyiq va qiynoqlardan qutulishning yagona yo‘li deb bilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng u harbiy tayyorgarlikdan o‘tish uchun Lugansk viloyatidagi o‘quv lageriga yuborilgan.
Tayyorgarlik jarayonida olingan o‘q jarohati tufayli A. O. harbiy gospitalga yotqizilgan. Uch haftalik muolajadan so‘ng u shifoxonadan qochib, Rostovdagi O‘zbekiston konsulxonasiga murojaat qilgan va bo‘lgan voqealarni ixtiyoriy ravishda so‘zlab bergan. 2025-yil noyabr oyi boshida u tegishli ruxsatnomalar bilan Toshkentga qaytib kelgan.
Sud majlisida erkak o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, pushaymonligini bildirdi va yengillik berishni so‘radi. Sud A. O.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanma askarlik) bilan aybli deb topdi. Sudlanuvchining iqrorligi va qilmishidan afsusdaligini inobatga olib, unga nisbatan to‘rt yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.






