2026-yildan O‘zbekiston armiyasida askarlar uchun masofaviy o‘qish va foizsiz kreditlar joriy etiladi. Harbiy xizmatchilar davlat grantlari va vaucherlar asosida kasb o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi.
Mamlakatimizda muddatli harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab harbiy qismlarda askarlar uchun oliy ta’limga tayyorgarlik ko‘rish va masofaviy shaklda o‘qishni davom ettirish uchun sharoitlar yaratiladi. Bu jarayonda askarlar harbiy qismni tark etmagan holda talabaga aylanishi mumkin. Shartnoma asosida tahsil oluvchilar uchun imtiyozli foizsiz kreditlar berilishi hamda o‘qishni bitirgach, ularga zaxiradagi leytenant unvoni taqdim etilishi harbiy xizmatning nufuzini yangi bosqichga ko‘taradi.
Shu bilan birga, «Bir askar – bir kasb» tamoyili asosida har bir yigit xizmat davomida kamida bitta zamonaviy hunarni egallaydi va tegishli sertifikatga ega bo‘ladi. Harbiy xizmatni namunali o‘taganlar va olimpiada g‘oliblari uchun esa oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz kirish imkoniyati saqlab qolinadi. Xizmatdan qaytgach, xususiy sektorda o‘z faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarning kasbiy tayyorgarligi vaucher tizimi orqali Bandlik jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan.
Davlat tashkilotlarida ishlashni maqsad qilgan sobiq askarlar uchun ham alohida yengilliklar ko‘zda tutilgan. Xususan, davlat xizmatiga kirish uchun o‘tkaziladigan testlarda ularga qo‘shimcha 10 foiz miqdorida ball qo‘shib beriladi. Ushbu yangiliklar yoshlarni armiyaga nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki kelajakda jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun mustahkam zamin yaratuvchi maskan sifatida qarashga undaydi.






