Yulduz Usmonova san’atkorlarga soliq solish tashabbusini keskin tanqid qildi

Jamiyat

Yulduz Usmonova san’atkorlarga soliq solish loyihasiga qarshi chiqdi. U mualliflik huquqi va davlat tadbirlaridagi bepul chiqishlar masalasini ko‘tardi.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova aprel oyida rejalashtirilgan yirik konsert dasturi oldidan OAVga intervyu berdi. Suhbat davomida xonanda nafaqat ijodiy tayyorgarlik, balki so‘nggi vaqtlarda shou-biznes vakillari o‘rtasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘layotgan soliq islohotlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Bizdan boshqa hamma narsa isrof

San’atkor to‘ylardagi isrofgarchilikda aynan xonandalar ayblanishiga o‘z e’tirozini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, san’atkor doimiy ravishda o‘z tashqi ko‘rinishi, liboslari va fonogramma yaratish uchun katta mablag‘ sarflaydi.

«Agar biz isrof bo‘lsak, unda bizni davlat tadbirlariga chaqirmanglar. San’atkorlarni yo‘q qilinglar, san’atni o‘ldiringlar. Hammasini o‘zingiz o‘tkazavering. Hatto eng kam ishlaydigan san’atkor ham bitta qo‘shiq tayyorlash uchun qancha pul sarflashini bilasizmi?» — deydi Usmonova.

2026-yil sentabridan boshlanishi kutilayotgan «bir chiqish — bir to‘lov» tizimi bo‘yicha Usmonova quyidagi fikrlarni ilgari surdi:

  • Tadbir egasiga yuklama: Agar to‘ylardan soliq olinsa, bu xizmat haqi oshishiga va to‘y egasining xarajatlari ko‘payishiga olib keladi.

  • Mualliflik haqi talabi: Xonanda soliq haqida gapirishdan avval davlat uning ko‘p yillik mualliflik huquqlarini himoya qilishi va tegishli to‘lovlarni undirib berishi kerakligini aytdi. «Mening qo‘shiqlarim necha yildan beri hamma yerda yangraydi. Bir tiyin so‘raganmanmi? Endi men ham o‘z haqimni talab qilaman», — deya ta’kidladi u.

Yulduz Usmonova so‘zining yakunida san’atkorning mehnati ko‘rinmas bo‘lsa-da, u xalqning yuzi ekanini va bu sohani iqtisodiy bosimlar bilan bo‘g‘ish noto‘g‘ri ekanini bildirdi. «O‘zingiz ayting qo‘shiqni!» — degan xitob bilan u o‘z noroziligini yakunladi.

Pressa.uz