Toshkent metrosida ayolga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi. Sudlanuvchi aybini vagondagi tirbandlik bilan oqlamoqchi bo‘ldi.
Toshkent metropolitenida navbatdagi shilqimlik holati yuzasidan sud hukmi o‘qildi. Voqea joriy yilning 6-mart kuni «Paxtakor» va «Novza» bekatlari oralig‘ida harakatlanayotgan poyezd vagonida yuz bergan. Namangan viloyatidan kelgan 27 yoshli fuqaro vagon ichida yo‘lovchi ayolning badaniga bir necha bor tegib, unga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etgan.
Sud majlisida ayblanuvchi o‘z aybiga qisman iqror bo‘ldi. Uning vajiga ko‘ra, tegajog‘lik qasddan emas, balki vagonda odam ko‘pligi va tirbandlik tufayli yuz bergan. Biroq, to‘plangan dalillar va jabrlanuvchining ko‘rsatmalari asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi erkakni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (Seksual tegajog‘lik) bilan aybdor deb topdi. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.






