Raqamli texnologiyalar vazirligi 20 mlrd token hajmdagi o‘zbek tili korpusini yaratib, uni OpenAI,Anthropic, Meta va Hugging Face platformasidagi barcha dasturchilar uchun bepul ochiq qildi.
O‘zbekiston 20 mlrd token hajmdagi o‘zbek tili milliy korpusini shakllantirib, uni sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiquvchi eng yirik global kompaniyalar — OpenAI, Anthropic, Meta va Alibaba’ga bepul taqdim etdi. Bu haqda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Nima uchun ma’lumotlar bepul tarqatildi
Ma’lumotlar bazasi, shuningdek, xalqaro Hugging Face platformasiga ham joylashtirildi — endi undan istalgan dasturchi erkin foydalanishi mumkin. Vazirning ta’kidlashicha, hukumat til korpusini sotib daromad olish o‘rniga o‘zbek tilida ishlaydigan sun’iy intellekt tizimlarini tezroq rivojlantirish yo‘lini tanlagan.
«Biz bu korpusni keyinchalik sotib, pul ishlash uchun yaratmadik. Dunyodagi barcha ochiq sun’iy intellekt platformalari erkin ishlasin. Ular o‘zbek tilida qanchalik yaxshi gapirsa, bizga shunchalik ko‘p foyda keltiradi va ulardan foydalanish imkoniyatimiz kengayadi», — dedi Sherzod Shermatov.
Shu bilan birga, vazirlikning o‘z hisoblash klasterida ham o‘zbek tili bilan yanada aniqroq ishlaydigan mahalliy modellar ustida ish olib borilmoqda.
Korpus tarkibiga nimalar kiritilgan
Hugging Face’da e’lon qilingan Uzbek Language Corpus 1.4 versiyasining umumiy hajmi 16,2 GB bo‘lib, u 5,637 mln hujjat va 6,062 mlrd so‘zni o‘z ichiga oladi. Hujjatlarning qariyb 52 foizi lotin, 46 foizi kirill alifbosida, 2 foizi esa aralash yozuvda jamlangan (umumiy so‘zlar soni bo‘yicha kirill alifbosi 53 foiz bilan ustunlik qiladi).
Ma’lumotlar bazasini shakllantirishda quyidagi asosiy manbalardan foydalanilgan:
-
Milliy kutubxona — 1,83 mlrd so‘z (30,1%);
-
Tahrirchi loyihasi — 1,28 mlrd so‘z (21,1%);
-
internet saytlari — 1 mlrd so‘z (16,6%);
-
arxiv hujjatlari (Uzarchive) — 889,2 mln so‘z (14,7%);
-
ZiyoNET va Ziyouz portallari — 852 mln so‘z (14,1%);
-
ochiq Telegram-kanallar — 96,2 mln so‘z (1,6%);
-
Lex.uz qonunchilik bazasi — 67,7 mln so‘z (1,1%);
-
Vikipediya, Fanlar akademiyasi va idoralar — jami 47,7 mln so‘z (0,8%).
Matnlarni raqamlashtirishda DeepSeek-OCR va Microsoft Azure AI Document Intelligence texnologiyalaridan,imloviy va tanish xatolarini tuzatishda esa Google’ning Gemma til modelidan foydalanilgan. E’lon qilishdan avval dublikatlar o‘chirilib, fuqarolarning telefon raqamlari, pasport ma’lumotlari va bank rekvizitlari yashirilgan.
Mualliflik huquqi qanday tartibga solingan
Korpus Open Data Commons Attribution License (ODC-By) 1.0 ochiq litsenziyasi asosida tarqatilmoqda. Shu bilan birga, vazirlik matnlarga bo‘lgan mualliflik huquqi o‘z egalarida saqlanib qolishini bildirgan — mualliflar murojaat qilgan taqdirda ularga tegishli matnlar bazaning keyingi versiyasidan chiqarib tashlanadi.
Mazkur loyiha prezidentning 2025-yil 22-oktabrdagi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirildi. Hujjatda 2026-yil yakuniga qadar kamida 15 mlrd birlikdan iborat o‘zbek tili korpusini yaratish va uni kamida beshta ochiq katta til modeliga joriy etish vazifasi qo‘yilgan edi.





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q