O‘zbekiston prezidenti Toshkent – Parkent yo‘nalishidagi yangi elektropoyezdda yo‘lga chiqdi. Safar 1 soat 13 daqiqa davom etadi va chipta narxi 10 ming so‘mni tashkil qiladi — bu taksidan 2,5 baravar arzon.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parkent tumaniga tashrifi davomida poytaxt va Parkent o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan yangi elektropoyezddan foydalandi. Uzunligi 57,6 kilometr bo‘lgan mazkur yo‘nalishda safar vaqti 1 soat 13 daqiqani, chipta narxi esa 10 ming so‘mni tashkil etadi — bu taksidagi o‘rtacha narxdan qariyb 2,5 baravar arzon.
535,4 mlrd so‘mlik yangi temir yo‘l tarmog‘i
To‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l qatnovi 24 kilometrlik Baytqo‘rg‘on – Parkent elektrlashtirilgan liniyasi qurilishi tufayli yo‘lga qo‘yildi. Loyihani amalga oshirish uchun 535,4 mlrd so‘m yo‘naltirilib, yangi vokzal, ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgich,kesishmalar va suv o‘tkazish inshootlari barpo etildi. Muntazam qatnovlar 2026-yil sentabr oyida boshlangan edi.
Poyezd imkoniyatlari va yo‘lovchilar uchun qulayliklar
Yo‘nalishda soatiga 120 kilometrgacha tezlikka chiqa oladigan va bir vaqtning o‘zida 586 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan olti vagonli EP3D elektropoyezdi harakatlanmoqda. Kutilmalarga ko‘ra, poyezd kuniga 2 ming nafargacha (yiliga qariyb 300 ming) yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.
Vagonlarda yo‘lovchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan:
-
konditsioner tizimi, elektron axborot tablolari va videokuzatuv kameralari;
-
bepul Wi-Fi va telefonlarni quvvatlash uchun USB-portlar;
-
nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus joylar va ko‘targichlar;
-
velosipedlarni olib yurish uchun maxsus mahkamlagichlar.
Davlat rahbarining topshiriqlari
Parkentdagi yangi stansiyani ko‘zdan kechirish chog‘ida Shavkat Mirziyoyev mas’ullarga temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishni davom ettirish, vokzallarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va yo‘l bo‘yidagi hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xususan,qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati salohiyatini kamida ikki baravar oshirish masalalari muhokama qilindi.




Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q