O‘zbekiston IIV vataniga qaytariladigan xorijliklar uchun vaqtincha saqlash markazlarini tashkil etish loyihasini muhokamaga qo‘ydi. U yerda saqlash muddati bir yilgacha bo‘ladi, ilk markaz esa 2027-yilda Toshkentda ochiladi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti qoshida xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlarini bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilmoqda. Tegishli hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Muassasalar o‘z vataniga qaytarilishi lozim bo‘lgan xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan.Loyihada qayd etilishicha, ushbu chora ular tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishining,shuningdek, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinishlarning oldini olishga qaratilgan.
Markazlar qayerda va qachon ochiladi
Yangi muassasalarni ishga tushirish bir necha yilga mo‘ljallangan:
-
2027-yilda — ilk markaz Toshkent shahrida ochiladi;
-
2028–2030-yillarda — Samarqand, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida ishga tushiriladi.
Bunday markazlarda umumiy saqlash muddati bir yildan oshmasligi kerak.
Tekshiruv va vataniga qaytarish tartibi
Markazlarga qabul qilish kecha-yu kunduz amalga oshiriladi. Kelgan shaxslar shaxsini aniqlash uchun anketalar to‘ldiradi, mas’ul xodimlar esa ular olib kelingan paytdan boshlab 24 soatdan kechiktirmay suhbat o‘tkazib, bayonnoma rasmiylashtirishi shart.
Kelganlarning ma’lumotlari IIV, migratsiya xizmati va ekspert-kriminalistika bo‘linmalarining axborot bazalari orqali tekshiriladi. Agar bazalarda shaxs haqida ma’lumot topilmasa, uning suratlari ilova qilingan so‘rovlar tegishli davlatlarning elchixona va konsulliklariga yuboriladi. Xorijliklarni vataniga qaytarish Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekistonning xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi. Diplomatlarning saqlanayotgan fuqarolar bilan uchrashuvlari ham TIVni xabardor qilgan holda o‘tkaziladi.
Saqlash sharoitlari va maydon me’yorlari
Loyihaga ko‘ra, xonalar isitish tizimi, ventilyatsiya, tabiiy va sun’iy yoritish bilan jihozlanadi, derazalar esa toza havo kirishini ta’minlashi kerak. Bir kishi uchun minimal yashash maydoni me’yorlari belgilangan:
-
kamida 2,5 kv. m — umumiy me’yor;
-
kamida 3 kv. m — ayollar va voyaga yetmaganlar uchun;
-
kamida 4 kv. m — homilador ayollar, bolali onalar va yuqumli kasallikka chalingan shaxslar uchun.
Erkaklar va ayollar, yuqumli kasalligi borlar, shuningdek, markaz boshlig‘i qaroriga ko‘ra hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash talab etiladigan shaxslar alohida joylashtiriladi. Saqlanayotganlar o‘z kiyim-kechagi, poyabzali va shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanishi mumkin — ular bo‘lmagan taqdirda barcha zarur buyumlar muassasa hisobidan beriladi. Dush qabul qilishga istalgan vaqtda ruxsat etiladi.





Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q