Tashkilot tugatilishi yoki shtat qisqarishi sababli ishdan bo‘shatilgan fuqarolar uchun my.gov.uz portalida muddatidan oldin pensiya taqdimnomasini rasmiylashtirishning bepul onlayn xizmati ishga tushdi. Shartlar va ariza topshirish tartibi.
Xizmat tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati tugatilgani, shuningdek, xodimlar soni yoki shtati qisqargani sababli ishdan bo‘shatilgan fuqarolar uchun mo‘ljallangan.
Mazkur imkoniyatdan mehnat staji kamida 25 yil bo‘lgan 58 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar hamda mehnat staji kamida 20 yil bo‘lgan 53 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan ayollar foydalanishlari mumkin. Arizani yuborish uchun mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq nusxasi, mehnat staji ma’lumotlari to‘liq raqamlashtirilmagan holatlarda esa mehnat daftarchasi nusxasi talab etiladi.
Ariza ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan fuqaro maqbul ish taklifini olish uchun 10 kun ichida bandlik bo‘limiga borishi lozim. Agar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab uch oy ichida maqbul ish topib berilmasa, fuqaro belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi, shundan so‘ng taqdimnoma rasmiylashtirilib, pensiya tayinlash uchun elektron shaklda Pensiya jamg‘armasiga yuboriladi.
Xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul bo‘lib, jarayonni idorama-idora yurmasdan masofadan turib amalga oshirish imkonini beradi.






Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q