O‘zbekistonda Google Pay to‘lov servisi rasman faoliyat boshladi. Bu haqda Google Cloud vakili Marjin Krasuski Samarqanddagi «C5+1» tadbiri doirasida ma’lum qildi.
Rasmiy e’lon va «C5+1» formati
O‘zbekistonda Google Pay (GPay) kontaktsiz to‘lov tizimi rasman ishga tushirildi. Bu haqda 19-oktyabr kuni Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha davlat organlari bilan ishlash va davlat siyosati direktori Marjin Krasuski ma’lum qildi. Tegishli video O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi Telegram-kanalida joylashtirildi.
Ushbu bayonot Samarqand shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi «C5+1» formati doirasida o‘tkazilayotgan «Raqamli texnologiyalar» panel sessiyasida berildi.
Tayyorgarlik jarayoni va qonunchilikdagi o‘zgarishlar
Xalqaro to‘lov servisining mamlakatimizga kirib kelishi bank tizimi integratsiyasi hamda qonunchilikni takomillashtirish natijasida amalga oshdi. Avvalroq Markaziy bank vakillari tijorat banklari hamda Humo va Uzcard milliy to‘lov tizimlari bilan birgalikda kartalarni tokenizatsiya qilish hamda xalqaro servislar bilan texnik integratsiyalashuv ishlari olib borilayotganini bildirgandi.
Shuningdek, joriy yilning 26-mart kuni qabul qilingan qonun bilan shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash bo‘yicha majburiy talab bekor qilindi (biometrik va telekom operatorlari ma’lumotlari bundan mustasno). Ushbu huquqiy o‘zgarish xalqaro raqamli xizmatlar va to‘lov platformalarining O‘zbekiston bozorida to‘liq faoliyat yuritishiga yo‘l ochdi.




