U.S. News & World Report nashrining 2026-yilgi eng qudratli mamlakatlari reytingida O‘zbekiston 100 ta mamlakat orasida 71-o‘rinni egallab, kuchli 80 talikka kirdi.
O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘rni
AQShning nufuzli U.S. News & World Report nashri 2026-yil uchun dunyoning eng qudratli va ta’sirchan davlatlari yillik reytingini e’lon qildi. Yangilangan ro‘yxatga kiritilgan 100 ta mamlakat orasida O‘zbekiston 71-pog‘onani egalladi va dunyoning eng nufuzli 80 ta davlati qatoridan joy oldi.
Mamlakatimiz reytingda Norvegiya (72-o‘rin), Armaniston (80-o‘rin), Urugvay (82-o‘rin), Iordaniya (83-o‘rin) va Gruziya (92-o‘rin) kabi davlatlarni ortda qoldirdi. Markaziy Osiyo mintaqasida Qozog‘iston yetakchilik qilmoqda (39-o‘rin). Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ko‘rsatkichlari bu yilgi ro‘yxatga kiritilmagan.
Reyting yetakchilari va baholash mezonlari
2026-yilgi reytingda Xitoy dunyodagi eng qudratli davlat deb topildi. Ikkinchi o‘rinni AQSh, uchinchi o‘rinni esa Hindiston egalladi. Shuningdek, kuchli o‘ntalikka Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Meksika va Italiya kirdi. Eng quyi pog‘onalarni Seyshel orollari, Iroq, Panama, Bahrayn va Kipr egalladi.
Mamlakatlarning «qudrat indeksi» quyidagi asosiy omillar bo‘yicha baholanadi:
-
Siyosiy va xalqaro yetakchilik: davlatning umumjahon kun tartibiga ko‘rsatadigan ta’siri;
-
Iqtisodiy qudrat: mamlakatning global iqtisodiyotdagi salmog‘i va resurslarining ahamiyati;
-
Harbiy salohiyat: Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligi hamda zamonaviy qurol-yarog‘ bilan ta’minlangani;
-
Geosiyosiy ishtirok: nufuzli xalqaro tashkilotlar va bloklardagi (SHHT, BRICS va boshqalar) a’zolik;
-
Tashqi savdo salohiyati: mamlakatning eksport imkoniyatlari va jahon savdosidagi ulushi.




