Yamandagi nizo keskinlashuvi va Ar-Riyod hamda Abxa aeroportlariga qilingan hujumlar ortidan O‘zbekiston elchixonasi Saudiya Arabistotidagi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi.
Raketa zarbalari va aviakatnovlardagi xatarlar
O‘zbekistonning Ar-Riyod shahridagi elchixonasi Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan hamda ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarga shoshilinch murojaat bilan chiqdi. «Dunyo» IA xabariga ko‘ra, ushbu ogohlantirish Yamandagi qurolli nizo keskinlashgani bilan bog‘liq.
Xusiylar Ar-Riyoddagi Qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroport hamda Abxa shahri aeroportiga raketa zarbalari bergan. Saudiya rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan, yana 36 kishi tan jarohati olgan. Bunga javoban Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yamandagi xusiylarning 82 ta obyekti, jumladan raketalar saqlanadigan 11 ta tog‘ omboriga zarbalar berdi.
Diplomatik vakillik tahlillariga ko‘ra, hududdagi tarang vaziyat sababli parvozlar jadvali, samolyot yo‘nalishlari hamda tranzit qoidalarida o‘zgarishlar yuzaga kelishi, bu esa reyslarning kechikishi hamda yo‘l vaqtining uzayishiga olib kelishi mumkin. Shunga qaramay, Saudiya Arabistoni ichidagi umumiy vaziyat barqaror saqlanmoqda.
Vaziyat munosabati bilan O‘zbekiston elchixonasi va Bosh konsulxonasi fuqarolar uchun tavsiyalar hamda aloqa raqamlarini e’lon qildi:
-
Xavfsizlik choralari: Saudiya-Yaman chegarasi yaqinidagi hududlarga bormaslik hamda mahalliy hokimiyat ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilish;
-
Axborot gigiyenasi: Harbiy obyektlar va hodisa joylarini tasvirga olmaslik hamda tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslik;
-
Hujjatlar: Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni har doim o‘zi bilan birga olib yurish;
-
Ar-Riyoddagi elchixona:
+966 11 263 52 23, konsul Shuhrat Ibragimov —+966 56 721 77 31(Telegram, WhatsApp); -
Jiddadagi Bosh konsulxona:
+966 12 607 72 50, konsul Azimjon Qobiljonov —+966 59 439 08 50(Telegram, WhatsApp).




