Mustaqillik shoh ko‘chasidagi shov-shuvli YTH bo‘yicha BYD haydovchisi oqlandi. Sud tezlikni 60 km/soatdan oshirib yuborgan L9 haydovchisini aybdor deb topdi.
BYD haydovchisining to‘liq oqlanishi va 800 millionlik nohaq ayblovning bekor qilinishi
Mustaqillik shoh ko‘chasida Lixiang L9 avtomobili ikkiga bo‘linib ketgan mudhish YTH bo‘yicha adolat qaror topdi: dastlabki sud qarori bilan asossiz ravishda aybdor deb topilgan BYD Song haydovchisi to‘liq oqlandi. O‘tgan yilning 23-dekabrida chiqarilgan va jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan hukmga ko‘ra, manevr qilgan BYD haydovchisi aybdor deb topilib, unga L9 foydasiga 798,2 million so‘mlik ulkan zarar yuklangan edi. Biroq apellyatsiya instansiyasi dastlabki surishtiruv yuzaki o‘tkazilganini ko‘rsatib, qarorni bekor qildi. Qo‘shimcha surishtiruv natijasida BYD haydovchisi ustidan barcha ayblovlar olib tashlandi va nohaq qaror bekor qilindi.
Haqiqiy aybdorga jazo: L9 haydovchisi tezlikni 60 km/soatdan ortiqqa oshirib yuborgan
Qayta o‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi L9 avtomobilining 2000-yilda tug‘ilgan haydovchisi F.J.ni YTHning haqiqiy aybdori deb topdi. Sud aniqlashicha, L9 haydovchisi belgilangan harakat tezligini soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborgan, shuningdek, sug‘urta qoidalarini buzgan. Asl qoidabuzarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning uchta moddasi bo‘yicha uzil-kesil 6 million 180 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi hamda jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligi e’tirof etildi.



