Markaziy Osiyoda navbatdagi keng ko‘lamli blekaut sodir bo‘ldi. Avariya sababli Surxondaryo viloyatining deyarli barcha hududida, shuningdek Olmaota, Bishkek va Dushanbe shaharlarida elektr energiyasi uzildi.
Markaziy Osiyoning Yagona energetika tizimida yirik avariyaviy uzilish yuz berdi. Buning oqibatida mintaqadagi to‘rtta davlat — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning ko‘plab hududlarida chiroq o‘chdi, deb xabar beradi nashrlar.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, uzilishlar tushdan so‘ng «KEGOC» milliy operatoriga qarashli 500 kVli yuqori kuchlanishli magistral elektr uzatish tarmoqlaridagi avariya bilan boshlangan. Natijada favqulodda avtomatika tizimi ishga tushib, kaskadli uzilishlar sodir bo‘lgan. O‘zbekistonda avariya oqibatida Surxondaryo viloyatining deyarli barcha tumanlari hamda boshqa bir qancha hududlar elektr energiyasiz qoldi. Qozog‘istonda Olmaota shahri va Olmaota viloyatining bir qismida chiroq o‘chgan bo‘lsa, Qirg‘iziston va Tojikiston poytaxtlari — Bishkek va Dushanbeda ham uzilishlar hamda svetoforlar va suv ta’minoti tizimida uzilishlar kuzatildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, favqulodda vaziyatga yozgi issiq harorat sababli energetika tizimiga tushgan yuqori yuklama va tarmoqlardagi quvvat tebranishlari sabab bo‘lgan. Hozirda har bir davlatning energetika xizmatlari tizimni bir-biridan ajratgan holda chastotani tiklash va ob’yektlarga bosqichma-bosqich elektr energiyasini yetkazib berish ishlarini olib bormoqda.




