So‘nggi:

Javohir Sindarov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi

Prezident farmoni bilan grossmeyster Javohir Sindarov davlat mukofotiga loyiq ko‘rildi. Shaxmatchi Kiprdagi Nomzodlar turnirida muddatidan oldin g‘alaba qozonib, rekord natija qayd etgani uchun taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, shaxmat bo‘yicha milliy terma jamoa a’zosi Javohir Sanjarbekovich Sindarov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi. Mazkur mukofot yosh grossmeysterning o‘zbek shaxmat maktabini xalqaro miqyosda ulug‘lash hamda intellektual salohiyatini namoyon etishdagi beqiyos xizmatlari e’tirofi bo‘ldi.

Farmonda qayd etilishicha, Javohir Sindarov Kipr orolida bo‘lib o‘tgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Nomzodlar turnirida dunyoning eng kuchli shaxmatchilari bilan bahsda rekord natijalarni qayd etgan. U o‘zining professional mahorati evaziga turnir yakunlanishidan avval g‘oliblikni naqd qilib, tarixiy natijaga erishgan. Shuningdek, ushbu mukofot sportchining yoshlar o‘rtasida shaxmatni ommalashtirish hamda navqiron avlod qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun berildi.