SpaceX kompaniyasining 4 tonnalik Falcon 9 raketasi pog‘onasi Oy sirtiga tushdi. Zarba oqibatida diametri 18 metr va chuqurligi 4 metr bo‘lgan krater hosil bo‘ldi.
5-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:35 da AQShning SpaceX kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Falcon 9 raketa-tashuvchisining ishlatib bo‘lingan pog‘onasi Oy sirtiga borib urildi. Og‘irligi taxminan to‘rt tonna bo‘lgan ushbu ob-yekt katta tezlikda Oy yuzasiga tushgan.
To‘qnashuv Yerdan ko‘rinmaydigan Oyning orqa tomonida sodir bo‘ldi. Hodisa ro‘y bergan hudud Eynshteyn va Bella deb nomlanuvchi ikkita krater oralig‘ida joylashgan. Ishlatilgan konstruksiyaning Oy yuzasiga urilish vaqtidagi tezligi soatiga qariyb 8,7 ming kilometrni tashkil etgan.
AQSh Milliy aeronavtika va kosmik fazoni tadqiq qilish boshqarmasi (NASA) mutaxassislarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, kuchli kinetik zarba oqibatida Oy sirtida yangi krater hosil bo‘lgan. Uning taxminiy diametri 18 metrni, chuqurligi esa deyarli to‘rt metrni tashkil etadi.
Yaqin kunlar ichida NASA mutaxassislari ushbu to‘qnashuv joyini bevosita suratga olish va Oy relyefidagi o‘zgarishlarni qayd etishni rejalashtirmoqda. Buning uchun Lunar Reconnaissance Orbiter (LRO) avtomatik stansiyasi hamda unga o‘rnatilgan yuqori sezgirlikka ega ShadowCam kamerasidan foydalaniladi. Kadrlarni olish va ularga ishlov berish uchun bir necha kun talab etilishi mumkin.
Olimlar to‘qnashuv jarayonini kompyuterda modellashtirib ham ko‘rishdi. Simulyatsiya natijalari shuni ko‘rsatdiki, kuchli zarba paytida Oy changi buluti 15 balandlikdan 20 kilometrgacha bo‘lgan masofaga ko‘tarilgan. Shuningdek, mayda tuproq va tog‘ jinslari bo‘laklaridan iborat tor oqim 75–100 kilometr balandlikka otilib, zarba berilgan nuqtadan 183 kilometr radiusgacha sochilib ketgan.
Tadqiqotchilar ushbu hodisa Yer sayyorasi uchun hech qanday xavf-xatar tug‘dirmasligini alohida ta’kidlamoqda. Oy sirtiga turli asteroidlar, meteoritlar hamda kosmik chiqindilarning kelib urilishi muntazam ravishda sodir bo‘ladi — bunday holatlar Oyda o‘rtacha har olti kunda bir marta kuzatiladi.





