Prezident murojaatlarni e’tiborsiz qoldirgani uchun hokimlarni qattiq tanqid qildi

Prezident murojaatlarni e’tiborsiz qoldirgani uchun hokimlarni qattiq tanqid qildi Siyosat

Prezident murojaatlarni e’tiborsiz qoldirgani uchun hokimlarni qattiq tanqid qildi va tizimdagi rejalar o‘zgarganini ma’lum qildi: endilikda rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati kuchaytiriladi.

Juma kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari Xalq qabulxonalari faoliyatini tubdan isloh qilish zarurligini ta’kidladi. To‘qqiz yil avval tashkil etilgan ushbu tizim o‘z davrida samarali bo‘lgan bo‘lsa-da, bugungi kunning talablari yangi, yanada ta’sirchan mexanizmlarni joriy etishni taqozo etmoqda.

O‘tgan yili hokimlarning qabulxonalarga bevosita rahbarlik qilishi Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida yaxshi natija berdi: murojaatlar soni 25–30 foizga qisqardi, muammolarning 70 foizi ijobiy yechim topdi. Biroq boshqa hududlarda, xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaziyat qoniqarsizligicha qolmoqda — kelib tushgan murojaatlarning yarmidan ko‘pi hanuzgacha hal etilmagan.

Prezident poytaxtning Sergeli tumanidagi «Junariq» kanalida yuz bergan holatni misol qilib keltirdi: aholining vayron bo‘lgan ko‘prikni tiklash bo‘yicha murojaati ikki oy davomida e’tiborsiz qoldirilgan. Muammo faqat ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgachgina hal etilgan. Bunday rasmiyatchilik qat’iyan qoralandi.

Murojaatlar eng ko‘p tushayotgan idoralar:

  • IIV — 148 ming

  • MIB — 134 ming

  • Energetika vazirligi — 88 ming

  • Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi — 60 ming

  • Sog‘liqni saqlash vazirligi — 56 ming

Davlat rahbari endilikda har bir tuman va shahar hokimi, vazir va ularning hududiy bo‘linmalari rahbarlari uchun «Har bir inson va har bir oilaning muammosini bilish va o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish» asosiy ish printsipi bo‘lishi shartligini belgilab berdi.

Пресса.uz
Pressa.uz