Prezident 2026-yilda inflyatsiyani 6,5 foizdan oshirmaslikni buyurdi

Jamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yilda inflyatsiyani 6-6,5% doirasida ushlab turish bo‘yicha topshiriq berdi. Asosiy e’tibor narxlar barqarorligi va logistikaga qaratiladi.

O‘zbekiston prezidenti raisligida o‘tgan majlisda mamlakat iqtisodiyoti uchun asosiy xavf-xatarlar va ularni jilovlash choralari muhokama qilindi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hukumat oldiga inflyatsiya darajasini 2026-yilda 6–6,5 foiz atrofida saqlab qolish bo‘yicha qat’iy talab qo‘yilgan.

Yig‘ilishda dunyo bozorida energiya resurslari, xususan, neft narxining qimmatlashishi transport va sanoat mahsulotlari tannarxiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Shuningdek, polimer mahsulotlari narxidagi o‘sish ichki bozorga ham bosim o‘tkazmoqda. Shu munosabat bilan, prezident asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importini uzilishlarsiz ta’minlash, logistika zanjiridagi muammolarni muqobil yo‘laklar orqali hal etish va tadbirkorlarga xomashyo yetkazishda ko‘maklashish bo‘yicha tezkor topshiriqlar berdi.

Eksportyorlar uchun esa yuk tashish xarajatlarini pasaytirish maqsadida aviatransport tariflarini arzonlashtirish va qo‘shni davlatlar bilan tranzit masalalarini muvofiqlashtirish vazifasi belgilandi. Investitsiya loyihalari bo‘yicha esa har bir investor bilan individual muloqot o‘rnatish va tashqi omillarning loyihalarga ta’sirini tahlil qilib borish talab etildi. Shavkat Mirziyoyev bank-moliya sohasi rahbarlarini xotirjamlikka berilmaslikka chaqirib, iqtisodiy barqarorlikni saqlash uchun xavf-xatarlarni oldindan baholash zarurligini ta’kidladi.

Pressa.uz