Surxondaryodagi AGTKSHda propan quyish vaqtida portlash sodir bo‘ldi. Denov tumanida FVV bo‘linmalari yong‘inni tezkorlik bilan bartaraf etdi.
FVV matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, soat 08:24 da shoxobchada yong‘in chiqqani haqida xabar kelib tushgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, fojia «KAMAZ» rusumli maxsus yuk mashinasidan suyultirilgan gazni statsionar rezervuarga quyish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida kelib chiqqan.
Gaz chaqnashi natijasida rezervuarning germetikligi buzilib, kuchli yong‘in yuzaga kelgan va u maxsus texnika hamda shoxobchaning bir qismini qamrab olgan.
Qutqaruv bo‘linmalari soat 08:39 da voqea joyiga yetib kelib, uch daqiqa ichida olovni qurshab olishga muvaffaq bo‘lishdi va yanada yirikroq portlash xavfining oldini olishdi. Hozirda yong‘in o‘choqlarini butunlay o‘chirish va rezervuarlarni sovitish ishlari davom etmoqda.
Hududda viloyat FVB rahbariyati, tuman IIB vakillari va «Hududgazta’minot» mutaxassislari ishlamoqda, hodisa sabablari o‘rganilmoqda.






