AQSH NATOning ayrim davlatlaridan qo‘shinlarini olib chiqishi mumkin

Jamiyat

Donald Tramp ma’muriyati Eron bilan urushda Vashingtonni qo‘llab-quvvatlamagan NATO davlatlaridan harbiylarni ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Germaniya va Ispaniyadagi bazalar yopilishi mumkin.

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Eron bilan urush davomida Vashington va Isroilni qo‘llab-quvvatlamagan NATOga a’zo mamlakatlardan Amerika qo‘shinlarini olib chiqish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

Gazetaning yozishicha, ko‘rib chiqilayotgan variantlardan biri Amerika kuchlarini AQSHning harbiy kampaniyasiga ko‘proq xayrixohlik bildirgan davlatlarga ko‘chirishni ko‘zda tutadi. Ushbu chora alyans bo‘yicha ittifoqchilarga bosim o‘tkazish vositasi sifatida baholanmoqda. Bu reja hozircha dastlabki bosqichda bo‘lib, u AQSHning NATOdan butunlay chiqib ketishi haqidagi avvalgi tahdidlar bilan bog‘liq emas.

Ma’muriyatdagi manbalarning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus doirasida Yevropadagi kamida bitta Amerika harbiy bazasini, xususan, Ispaniya yoki Germaniyadagi ob’ektlarni yopish masalasi ko‘tarilishi mumkin. Oq uy hozircha ushbu ma’lumotga rasmiy munosabat bildirishdan bosh tortdi.

Pressa.uz