O‘zgidromet 9–11-oktyabr kunlari kutilayotgan ob-havo ma’lumotini e’lon qildi. Dam olish kunlari respublikaning qator hududlarida yomg‘ir yog‘adi.
Iliq ob-havo va havo massalarining almashinuvi
O‘zgidromet agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 9-10-oktyabr kunlari O‘zbekiston hududida quruq va iliq ob-havo saqlanib qoladi. Kechasi havo harorati +10…+15 daraja, kunduzi +25…+27 daraja atrofida bo‘ladi. Janubiy viloyatlar va cho‘l zonalarida havo +29…+32 daragacha isiydi.
10-oktyabr kuni kechqurun respublikaning g‘arbiy hududlariga nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatining ayrim joylarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Yog‘ingarchilik va sel kelishi xavfi
Yakshanba, 11-oktyabr kuni nam havo massalari mamlakatning boshqa hududlariga ham tarqala boshlaydi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyatida, kunning ikkinchi yarimida cho‘l va janubiy tumanlarda, kechga borib esa markaziy viloyatlarda yomg‘ir yog‘adi. Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Aksariyat viloyatlarda iliq ob-havo saqlanib qoladi, faqat shimoli-g‘arbiy hududlarda harorat +18…+23 darajagacha pasayadi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7–12 m/s tezlikda esadi.
Tog‘li va tog‘oldi hududlarda 9–11-oktyabr kunlari yomg‘ir yog‘adi, 11-oktyabrda esa sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi xavfi bor. Toshkent shahrida dam olish kunlari yog‘ingarchilik bo‘lmaydi: kechasi +13…+15, kunduzi +25…+27 daraja iliq bo‘ladi.




