Qarshi shahar soliq inspeksiyasi xodimlari 97 nafar soliq to‘lovchidan olingan 122,6 mln so‘mni o‘zlashtirib yuborgani fosh etildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Noqonuniy sxema va yetkazilgan zarar
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda soliq tizimidagi yirik moliyaviy qonunbuzarlik fosh etildi. Aniqlanishicha, Qarshi shahar soliq inspeksiyasining davlat soliq bosh inspektorlari M.A., SH.T. va ularning boshqa sheriklari 97 nafar soliq to‘lovchining ishonganidan foydalanib, ularning mablag‘larini o‘zlashtirib olgan.
Soliqchilar fuqarolardan go‘yoki soliq qarzdorligini so‘ndirish bahonasi bilan toplam 122,6 million so‘m naqd va elektron pul mablag‘larini qabul qilib olishgan. Biroq ushbu mablag‘lar soliq to‘lovchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga kirim qilinmasdan, inspeksiya xodimlari tomonidan o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj etilgan.
Tergov harakatlari va tegishli moddalar
Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar soliq inspeksiyasi mas’ullariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning iyun oyida ham Soliq qo‘mitasi, «O‘zbekneftgaz» AJ hamda bir qator xususiy korxonalar mas’ul shaxslari ishtirokida sodir etilgan 643 milliard so‘mlik yirik moliyaviy talon-torojlik fosh etilgan edi



