Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda qizlar shaxmati hamda parashaxmat bo‘yicha alohida tizim yaratilishini va mahalla darajasigacha iqtidorlar saralanishini ma’lum qildi.
Davlat rahbari har bir zafar ortida butun bir jamoaning fidokorona mehnati turganini ta’kidlab, birinchi o‘zbek jahon chempioni Rustam Qosimjonovning tajribasi yangi avlodga muvaffaqiyatli o‘tayotganini alohida e’tirof etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan «Eng yaxshi federatsiya» deb topilgani, Rustam Qosimjonov FIDE faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy prezident etib saylangani mamlakatimizning dunyodagi yuksalib borayotgan nufuzi dalili sifatida baholandi.
Xalqaro maydondagi ketma-ket g‘alabalar va shaxmatni mahalla darajasida rivojlantirish
So‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar — Chennaydagi oltin, Budapeshtdagi bronza hamda Samarqanddagi navbatdagi chempionlik tasodif emas, balki tizimli islohotlar natijasidir. So‘nggi o‘n yillikda 17 nafar shaxmatchi xalqaro grossmeyster unvoniga sazovor bo‘ldi, shundan 5 nafari ayollardir.
Prezident mamlakatni dunyo shaxmat markaziga aylantirish maqsadini ilgari surib, har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash va kuchli ustozlarga biriktirish zarurligini uqtirdi. Shuningdek, mamlakatimizda qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish bo‘yicha mutlaqo alohida tizim yo‘lga qo‘yiladi.





